Samarqand viloyatining hududidan o‘tgan Oqdaryo qirg‘og‘ida noqonuniy qazish ishlari orqali tabiatga jiddiy zarar yetkazilganlik holati aniqlandi. Bu haqda O‘za xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan Jomboy tumanidagi “Oqdaryo” daryosining muhofaza etiladigan hududida reyd tadbiri o‘tkazilgan.
Reyd tadbiri vaqtida “M.T.” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan ekskavator va yuk mashinalari orqali hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy qum-shag‘al qazib olinayotgani aniqlangan.
Ushbu faoliyat “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasi va “Er osti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunning 35-moddasiga zid bo‘lgan.
Oqibatda esa tabiatga rekord darajada — 137 milliard 472 million so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani hisoblab chiqilgan.
Hozirda ekskavator hamda ikki yuk tashuvchi mashina jarima maydoniga joylashtirilgan. To‘plangan barcha hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborilib, holatga huquqiy baho berish ishlari boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga ko‘ra, noqonuniy qazish ishlari qat’iy taqiqlangan.
Bunday huquqbuzarliklar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.