Joriy yil 19 noyabrdagi Prezidentning «Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilanishicha, 2026 yil 1 apreldan boshlab ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi joriy etiladi.
Bunda:
- moliyaviy sanksiyalar pul undirish (jarimalar) tarzida faqat yuridik shaxslarga qo‘llanadi;
- bir xil huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llangan yuridik shaxslarning xodimlariga ma’muriy jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi;
- huquqbuzarlikning takroran sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish olish hamda jarimani to‘lash ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilikning buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxsni Ekologiya qo‘mitasining qarorini (taqdimnomasini, ko‘rsatmasini) bajarish yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirish majburiyatidan ozod etmaydi.