Evropa Ittifoqi Kengashi Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun Yevropa tinchlik jamg‘armasi (EPF) doirasida 4,9 milliard yevro ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu mablag‘ YEIning Ukrainadagi harbiy tayyorgarlik missiyasini moliyalashtirishni davom ettirish va Ittifoq mamlakatlarining Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatish uchun sarflagan xarajatlarining bir qismini qoplash imkonini beradi.
EI Kengashi xabar berishicha, mablag‘ning asosiy qismi — 4,7 milliard yevro YEIga a’zo davlatlarning harbiy texnika va qurol-yarog‘ yetkazib berish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi.
Qolgan 230 million yevro esa YEIning Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha harbiy missiyasini (EUMAM Ukraine) moliyalashtirish uchun ajratiladi.
Ushbu qarorlar sentyabr oyi oxirida YEI mamlakatlari tomonidan Ukrainaga Yevropa tinchlik jamg‘armasi orqali 6,6 milliard yevro ajratish bo‘yicha erishilgan siyosiy kelishuvni amalga oshirishning bir qismi hisoblanadi.
So‘nggi qarorlarni hisobga olganda, Yevropa tinchlik jamg‘armasi orqali Ukrainani qo‘llab-quvvatlashning umumiy hajmi 10,8 milliard yevroga yetdi. Shundan 9,9 milliard yevro YEI mamlakatlarining harbiy yordam uchun qilgan xarajatlarini qoplashga, 950 million yevro esa ukrainalik harbiy xizmatchilarni tayyorlashga yo‘naltirilgan.
Bundan tashqari, YEI Kengashi ma’lum qilishicha, jamg‘arma orqali Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan 3,5 milliard yevro miqdoridagi daromad Ukraina uchun ustuvor bo‘lgan uchta yo‘nalishga — o‘q-dorilar xarid qilish, havo hujumidan mudofaa tizimlarini mustahkamlash va uchuvchisiz uchish apparatlarini sotib olishga sarflangan.
Shuningdek, qiymati 1,5 milliard yevrodan ortiq harbiy texnika bevosita Ukraina mudofaa sanoati korxonalaridan xarid qilingan.
Evropa tinchlik jamg‘armasi 2021 yil mart oyida tashkil etilgan bo‘lib, u YEIning umumiy tashqi siyosati va xavfsizlik siyosati doirasidagi chora-tadbirlarni moliyalashtirish, jumladan, hamkor davlatlarning harbiy va mudofaa salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.