Evropa Ittifoqi AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainadagi mojaroni tugatishga qaratilgan sa’y-harakatlari davom etayotgan bir paytda Ukrainaga uchuvchisiz uchish apparatlari va raketalar sotib olish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratmoqchi. Bu haqda Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatlashganidan so‘ng ma’lum qildi.
«Shu hafta Yevropa Ittifoqi dronlar va raketalar sotib olish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratadi», — deb yozdi fon der Lyayen X ijtimoiy tarmog‘ida.
Evropa komissiyasi rahbari yangi moliyaviy yordamning aniq miqdori, moliyalashtirish manbalari va mablag‘larni ajratish muddatlarini ochiqlamadi.
Uning ma’lum qilishicha, Ukrainadagi vaziyat 15–16 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi sammitining asosiy mavzularidan biri bo‘ladi. Unda Yevropa yetakchilari Kiyevning kelgusi yil uchun moliyaviy ehtiyojlarini va xalqaro yordamni yanada kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qiladi.
«Bu hafta Yevropa kengashi yig‘ilishida Ukraina asosiy e’tibor markazida bo‘ladi. Biz uning kelgusi yil uchun moliyaviy ehtiyojlarini va yangi xalqaro ko‘makni safarbar etish yo‘llarini muhokama qilamiz», — dedi fon der Lyayen.
Fon der Lyayenning bayonotlari AQSh ma’muriyati Ukrainadagi mojaroni hal etish bo‘yicha yangi diplomatik sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgan bir paytda yangradi.