Bugun 2 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

EI Ukrainaga 90 milliard yevrolik kredit mablag‘larini tezlashtirib berishdan bosh tortdi

EI Ukrainaga 90 milliard yevrolik kredit mablag‘larini tezlashtirib berishdan bosh tortdi

Evropa Ittifoqi Ukrainaga 90 milliard yevrolik kredit doirasidagi mablag‘larni tezlashtirilgan tartibda ajratishdan bosh tortdi. Kiyev joriy yilda harbiy moliyalashtirishdagi taqchillikni qoplash uchun mablag‘larning bir qismini rejalashtirilgan muddatdan oldin berishni so‘ragan edi. Bu haqda Bloomberg vaziyatdan xabardor manbalariga tayanib xabar berdi.

Yozda Ukraina harbiy xarajatlar oshgani sabab qo‘shimcha 27 milliard yevro moliyalashtirish zarurligini bildirgan. Kiyev Bryusseldan mamlakatni 2027 yil oxiriga qadar moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘lgan kreditning bir qismini muddatidan oldin ajratishni so‘ragan.

Bloomberg manbalariga ko‘ra, YEI bunday qarorga qarshi chiqqan, chunki mablag‘larni hozir tezlashtirib berish muammoni faqat 2027 yilga ko‘chirishi mumkin. Bundan tashqari, Yevropa rasmiylari Ukrainaning boshqa hamkorlari, jumladan Kanada, Norvegiya va Yaponiyaga qo‘shimcha moliyalashtirish ajratishni taklif qilgan.

Rejaga ko‘ra, YEI krediti Ukrainaning ehtiyojlarining faqat uchdan ikki qismini qoplaydi, qolgan qismi esa hamkor davlatlar tomonidan moliyalashtirilishi kutilmoqda.

Agentlik manbalarining aniqlashtirishicha, 2027 yil uchun mo‘ljallangan kreditning 45 milliard yevro qismi "tezkor tarzda" ajratiladi, ammo bu kelasi yil boshidan oldin amalga oshirilmaydi. Shu bilan birga, YEI va Ukraina qo‘shimcha byudjet va mudofaa ehtiyojlarini aniqlash bo‘yicha ish boshlashni rejalashtirmoqda.

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, sentyabr oyida Nyu-Yorkda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan keskin uchrashuvda Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen YEIda 2026 yil uchun hali 37 milliard yevro miqdorida byudjet qo‘llab-quvvatlovi mavjudligini aytgan.

Biroq ushbu mablag‘larning ajratilishi yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, soliq tushumlarini oshirish va Ukraina qonunchiligini YEI me’yorlariga moslashtirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishga bog‘liq. Ayni paytda tegishli islohotlar Ukraina Oliy Radasida to‘xtab qolgan.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ushbu hafta Ukraina moliyalashtirishidagi kelgusi taqchillikni 2027 yilda 30–35 milliard dollar, 2028 yilda 17 milliard dollar va 2029 yilda 2 milliard dollar deb baholadi. Bloomberg ta’kidlashicha, bu hisob-kitoblar keyinchalik o‘zgarishi mumkin.

Kiritildi: Bugun 09:18. O'qildi: 426 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!