Evropa Ittifoqining tashqi siyosat organi — Yevropa tashqi aloqalar xizmati (EEAS) Isroilga nisbatan sanksiyalar joriy etish bo‘yicha hujjat tayyorladi. Ushbu hujjat 9-iyul kuni YEI davlatlari elchilariga taqdim etilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Euractiv diplomatik manbalarga tayanadigan holda xabar berdi.
Hujjatda quyidagi choralar muhokama qilinmoqda:
Isroil bilan tuzilgan Assosiasiya shartnomasini qisman yoki to‘liq to‘xtatib turish;
savdo aloqalarini cheklash;
Isroil amaldorlari, harbiylari va noqonuniy posyolkalar qurilishida qatnashgan shaxslarga nisbatan shaxsiy sanksiyalar qo‘llash;
qurol-yarog‘ eksportlariga embargo joriy etish;
ilmiy va texnologiyaviy hamkorlikni vaqtincha to‘xtatish.
Diplomatlar fikricha, bunday keskin choralarni bir ovozdan qabul qilish ehtimoli past. Ayniqsa, Germaniya pozisiyasi muhim ahamiyatga ega, chunki u Isroilga eng ko‘p qurol yetkazib berayotgan Yevropa davlati hisoblanadi. Shu sababli, hozircha eng ehtimoliy ssenariy sifatida ayrim shaxslarga nisbatan individual sanksiyalar ko‘rilmoqda — bu choralarni ilgari Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya va Norvegiya ham joriy qilgan edi.
EI tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas ilgari G‘azo sektoridagi og‘ir gumanitar holat tufayli Isroil bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytgan.
Sanksiyalar bo‘yicha navbatdagi muhokama 15-iyulga rejalashtirilgan. Shu kuni Isroil G‘azodagi vaziyat bo‘yicha hisobot taqdim etadi.
Avvalroq Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada Isroilga qarshi chora ko‘rishga tayyor ekanini bildirgan. Bunga javoban, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu bu bayonotlarni “terrorni rag‘batlantirish” deb atagan. Unga ko‘ra, urush “hatto ertaga ham tugatilishi mumkin”, agar HAMAS taslim bo‘lib, garovdagilarni ozod qilsa.
Ma’lumot uchun, Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlarining yangi bosqichi may oyi oxirida boshlangan va “Gid’on aravasi” deb nomlangan. Bu bosqichda Isroil armiyasi hududlarni tozalash, infratuzilmani yo‘q qilish va nazorat o‘rnatishni maqsad qilgan.