Evropa Ittifoqi davlatlarining elchilari ikki rossiyalik milliarder — Alisher Usmonov va Mixail Fridmanga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish taklifini muhokama qilishda davom etadi.
Dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi manbalarning xabar berishicha, minglab boshqa rossiyaliklar sanksiyalar ro‘yxatida qolishi sharti bilan ushbu ikki tadbirkorni shaxsan sanksiya ro‘yxatidan chiqarish masalasi deyarli hal qilingan edi. Biroq dushanba kuni kechqurun yevropalik diplomatlardan biri jurnalistlarga masala seshanba kuni yana muhokama qilinishini aytdi.
Diplomatlar ta’kidlashicha, ushbu ikki milliarderning taqdiri Rossiyaning minglab jismoniy va yuridik shaxslariga nisbatan sanksiyalarni yana uch yilga uzaytirish bo‘yicha keng qamrovli kelishuvning bir qismi hisoblanadi. Bu odatdagi 6 yoki 12 oylik uzaytirish muddatidan ancha uzoq.
Ayrim YEI davlatlarining hayrati va noroziligiga qaramay, Fransiya shu oy boshida Slovakiyaga qo‘shilib, Rossiya va O‘zbekiston fuqaroligiga ega milliarder Alisher Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni talab qildi. Keyinchalik Lyuksemburg ham rossiyalik Mixail Fridmanni ro‘yxatdan chiqarishni talab qildi.