Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yashirin “hujralar” tashkil etib, diniy ta’lim berish yo‘li bilan noqonuniy daromad topayotgan “uddaburonlar”ning qilmishlari fosh etildi.
Jumladan, Namangan shahrining Baliqchi ko‘chasida istiqomat qiluvchi, 1995 y.t. fuqaro ko‘p qavatli uylarning birida 15 nafar shaxsga diniy saboq bergan bo‘lsa, Ma’rifat mahallasida yashovchi, 1974 y.t. ayol o‘z xonadonida 14 nafar voyaga yetmagan bolalarga diniy o‘qish tashkil etib, ularning har biridan oyiga 1,5 million so‘mdan pul olib kelgan.
Yangi Namangan tumanida qayd etilgan holatda esa 1983 y.t. shaxs Mehnatobod mahallasidagi yashirin “hujra”da 10 nafar voyaga yetmagan qizlarga va 3 nafar fuqaroga diniy ta’lim berib kelgan.
Ayni shu kabi holat Uychi tumanining Mashad mahallasida ham kuzatilib, unda 48 yoshli fuqaro o‘z uyida voyaga yetmagan bolalarni to‘plab, moddiy manfaat evaziga diniy saboq berish bilan shug‘ullangan.
Ta’kidlash lozimki, bunday qonunbuzarliklar To‘raqo‘rg‘on va Namangan tumanlarida istiqomat qiluvchi 1975 va 1981 y.t. 2 nafar shaxs tomonidan ham sodir etilgan.
Qilmishlari fosh bo‘lgan barcha soxta “dindorlar” hamda bolalarni tarbiyalash majburiyatlarini bajarmagan ota-onalarga nisbatan amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan choralar ko‘rildi.
Yurtimizda dunyoviy ilm olish bilan birga, diniy ta’lim uchun ham barcha imkoniyatlar yaratilgan, shunday ekan farzandlaringizni noqonuniy va diniy o‘quvi shubha ostida bo‘lgan shaxslar qo‘liga topshirib qo‘ymang.
Unutmang farzand tarbiyasi va kelajagi uchun ota-ona javobgardir.