Davlat xavfsizligi xizmati (DXX) tomonidan yer maydonlarini noqonuniy sotish bilan bog‘liq bir necha holatlar aniqlandi.
Davlat kadastrlar palatasining Jizzax viloyati tumanlaridan biridagi filiali boshlig‘i tuman hokimligi tomonidan o‘z turmush o‘rtog‘i nomiga sotish huquqisiz, ijara shartnomasi asosida ajratilgan 42 sotix yer maydonini xaridorga sotib, keyinroq hokimiyat idoralaridagi tanishlari orqali kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 28 ming AQSh dollari talab qiladi. O‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro Davlat kadastrlar palatasining Jarqo‘rg‘on tumani filiali kadastr muhandisi bilan til biriktirib, o‘zi tomonidan noqonuniy egallab olingan, aslida Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi zaxirasida bo‘lgan 40 sotix yer maydonini xaridorga 200 mln so‘mga sotishga va 4 mln so‘m evaziga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishga kelishadi. O‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro 200 mln so‘mni, kadastr muhandisi esa 4 mln so‘mni olgan vaqtida ushlandi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi o‘zganing nomida bo‘lgan 15 sotix maydondagi yakka tartibdagi turar-joyni va unga tutash joylashgan davlat zaxirasidagi 1 gektar 35 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 150 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 50 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.