YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda yoshlarning savodxonlik darajasi 1975 yildagi 75 foizdan 2024 yilda 93 foizga yetgan. Biroq bu taraqqiyotga qaramay, hanuz millionlab insonlar eng oddiy o‘qish va yozish ko‘nikmalaridan mahrum.
Tashkilot ma’lum qilishicha, hozir dunyo bo‘ylab 739 million katta yoshli inson asosiy savodxonlik ko‘nikmalariga ega emas. Ularning qariyb uchdan ikki qismini ayollar tashkil etadi.
YUNESKO Xalqaro savodxonlik kunining 60 yilligi munosabati bilan savodxonlikni insonning asosiy huquqi sifatida yana bir bor ta’kidladi.
«Xalqaro savodxonlik kunining 60 yilligini nishonlar ekanmiz, savodxonlikni insonning asosiy huquqi va hayot, iqtisodiyot hamda jamiyatlarni o‘zgartiruvchi kuch sifatida yana bir bor tasdiqlaymiz», — dedi YUNESKO Bosh direktori Xolid El-Enani.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 50 yilda dunyoda savodxonlik sohasida sezilarli taraqqiyot kuzatilgan. Jahonda yoshlarning savodxonlik darajasi 1975 yilda 75 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 93 foizga yetgan. Katta yoshli aholining savodxonlik darajasi esa 65 foizdan 88 foizga oshgan.
Shu bilan birga, dunyoda 273 million nafar bola va yosh ta’limdan chetda qolmoqda. Past va o‘rta daromadli mamlakatlarda 10 yoshli bolalarning 70 foizi oddiy matnni o‘qib, uning mazmunini tushuna olmaydi.
«Bu raqamlar boy berilgan imkoniyatlar va salohiyatni, shuningdek, insonning asosiy huquqlaridan biri ta’minlanmayotganini anglatadi», — dedi El-Enani.
Xalqaro savodxonlik kuni har yili 8 sentyabr kuni nishonlanadi. YUNESKO ushbu sanani 1966 yilda belgilagan bo‘lib, 1967 yildan buyon savodxonlikning adolatli, tinch va barqaror jamiyat barpo etishdagi ahamiyatini yoritish maqsadida turli tadbirlar o‘tkazib kelinadi.
Bu yilgi Xalqaro savodxonlik kuni «Insonlar, sayyora va farovonlik uchun savodxonlik» mavzusiga bag‘ishlangan. Yubiley munosabati bilan YUNESKOning global tadbirlari 8–9 sentyabr kunlari Meksikada o‘tkazilmoqda.
Xalqaro savodxonlik kunining 60 yilligi Afg‘onistonda ta’lim inqirozi, ayniqsa, qizlar va ayollarning ta’lim olish imkoniyatlari keskin cheklangan bir sharoitda nishonlanmoqda.
Tolibon ma’muriyati qizlarning oltinchi sinfdan keyin ta’lim olishini, ayollarning esa universitetlarda o‘qishini taqiqlagan. Shu sababli Afg‘oniston qizlar va ayollarga o‘rta va oliy ta’lim olish taqiqlangan dunyodagi yagona mamlakat bo‘lib qolmoqda.
Bunday cheklovlar qizlar va ayollarning savodxonligi, kelgusida ish bilan ta’minlanishi va zarur xizmatlardan foydalanishiga uzoq muddatli salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirlar kuchaymoqda. BMT ham bir necha bor qizlarni ta’limdan chetlashtirish oqibatlari nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlarga ham ta’sir qilishini ta’kidlagan.
UNESCOning global savodxonlik strategiyasida gender tengligiga, shuningdek, ta’limdan chetda qolish xavfi yuqori bo‘lgan aholi qatlamlarini qamrab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tashkilot ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, davlat ta’lim tizimlarini mustahkamlash va jamoalar asosidagi ta’lim dasturlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ish olib bormoqda.
Zamonaviy texnologiyalar axborotni qabul qilish va undan foydalanish usullarini o‘zgartirayotgani sababli YUNESKO savodxonlik tushunchasini ham kengaytirmoqda.
Xususan, tashkilot media va axborot savodxonligi, sun’iy intellekt savodxonligi, yolg‘on va chalg‘ituvchi axborotni aniqlash hamda internetda tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga e’tibor qaratmoqda.
«Ushbu muhim sanada savodxonlikning insonlar, sayyora va farovonlik uchun o‘zgartiruvchi kuchidan foydalanish yo‘lida oldimizda turgan vazifalarni bajarishga bo‘lgan sadoqatimizni yana bir bor tasdiqlaylik», — dedi El-Enani.