2024 yil davomida dunyo bo‘yicha 226 million gektolitr vino ishlab chiqarildi. Bu 1961 yildan bu yog‘iga qayd etilgan eng past ko‘rsatkich. Ushbu ma’lumotni Xalqaro uzum va vino tashkiloti bosh direktori Jon Barker tasdiqladi. Yillik miqdor ozayishi 4,8 foizni tashkil qilgan.
– Ayni holat asosan issiq havo va qurg‘oqchilik kabi favqulodda ekologik sharoit, shuningdek shimoliy va janubiy yarim sharning asosiy vino mintaqalarida oldindan aytib bo‘lmaydigan ob-havo kuzatilgani bilan bog‘liq, – deydi mutaxassis. – Ba’zi hududlarda ishlab chiqarish talabga qarab sustlashgan. Qolaversa, ketma-ket to‘rtinchi yildirki, yer yuzida uzumzor kamaymoqda: o‘tgan yilgi manfiy ko‘rsatkich 0,6 foiz, ya’ni 7,1 million gektar.
Uzumzor kattaligi bo‘yicha jahon ro‘yxati boshida Ispaniya turadi – dunyo maydonining 13 foizi. Keyingi pog‘onalarni Fransiya va Xitoy (11), Italiya (10), Turkiya (6), AQSh (5 foiz) band etgan.
Bu mamlakatlar orasida oxirgi yil faqat Italiya uzumzorni kengaytirgan.