Hukumat qarori (738-son, 24.11.2025 y.) bilan “Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, dori vositalari umumiy tartibda va tan olish yo‘li bilan ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ro‘yxatdan quyidagilar o‘tkaziladi:
🗣 dori vositalari;
🗣 O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining yangi kombinasiyalari;
🗣 ilgari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, lekin boshqacha dori shakllarida, dozalarda yoki boshqa ishlab chiqaruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari;
🗣 ilgari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, turi, sifat tarkibi va (yoki) miqdoriy tarkibi, hujayra liniyasining biologik xususiyatlari va boshqa xususiyatlari o‘zgargan hujayra texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan biotexnologiya dori vositalari.
Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalariga ko‘ra amal qilish muddati 5 yil bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasi beriladi.
“Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” dori vositalari va tibbiy jihozlar davlat reestri bilan shug‘ullanadi. Reestr Sog‘liqni saqlash vazirligi va Markazning veb-saytlarida joylashtiriladi.