Ukrainaga NATOga qo‘shilishdan rasman voz kechish talab qilinishi mumkinligi haqidagi bahsli modda amerikaliklarning dastlabki tinchlik rejasida eng tortishuvli nuqtalardan biri edi. CNN manbasiga ko‘ra, Floridada Ukraina va AQSh delegasiyalari o‘rtasida o‘tgan so‘nggi muzokaralarda bu masalaga nisbatan «muqobil yechim» muhokama qilingan.
Manbaning aytishicha, muhokama qilingan yangi ssenariyga ko‘ra, Ukraina mamlakat konstitusiyasida belgilab qo‘yilgan NATOga intilishidan rasman voz kechishga majbur etilmaydi. Rossiya talab qilayotgan taqiq Kiyev ishtirokisiz, NATOga a’zo davlatlar va Moskva o‘rtasida ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama kelishuv orqali hal qilinishi mumkin.
«Ukraina yuridik jihatdan rasman voz kechishga majburlanmaydi», – deydi CNN manbasi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar AQSh yoki NATO Rossiya bilan muayyan kafolatlar bo‘yicha kelishuv tayyorlasa, bu Ukraina hukumatini qaror qabul qilish jarayoniga jalb qilishni talab etmaydi.
Manbaning ta’kidlashicha, masalaga hali nuqta qo‘yilmagan va u baribir Ukraina prezidenti bilan kelishilgan holda qabul qilinishi kerak. Shu bilan birga, Vashington va Kiyev muzokaralari davom etayotgani, shu jumladan prezident Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoffning Moskvaga tashrifi arafasida «Kiyevning qizil chiziqlarini chetlab o‘tishga imkon beradigan kreativ yechimlar» izlanayotgani qayd etilgan.
CNN ma’lum qilishicha, muzokaralardagi ikkinchi asosiy ziddiyatli masala – Kremlning butun Donbass hududini Rossiyaga berilishini talab qilishi. Manbaning ta’kidlashicha, bu bo‘yicha muhokamalar hali ham davom etmoqda va o‘z yechimini topmagan.