Mamlakat hududida kuzatilayotgan sovuq antisiklon ta’siri 5 dekabrga qadar saqlanib turishi kutilmoqda. Demak, 5 dekabr kuniga qadar yomg‘irdan darak yo‘q.
Bu haqda O‘zgidromet ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 29 noyabrdan boshlab uning ta’siri yanada kuchayib, atmosfera bosimining oshishi, havo haroratining pasayishi va kechalari sovuq, kunduzi esa uncha iliq bo‘lmagan ob-havo kuzatilishi mumkin. Antisiklonlarga xos tarzda ertalabki tumanlar ehtimoli ham yuqori.
Yuqori bosimli maydon kelgusi 10 kun davomida hukm surishi prognoz qilinmoqda.
O‘zgidromet avvalroq inversiya 29 noyabrgacha davom etishi haqida xabar bergan edi. Biroq yangilangan sinoptik kuzatuvlarga ko‘ra, sovuq antisiklon davom etayotgan bir paytda inversiya hodisalari ham kutilganidan uzoqroq vaqt saqlanishi mumkin.
Uzoq muddatli inversiya o‘z navbatida chang, tutun va mayda zarrachalar (PM) miqdorining oshishiga, shuningdek, quyuq tuman holatlariga olib kelishi ehtimoli bor.