Der Spiegel'ning xabar berishicha, endi uning oilasi ushbu moddani Chexiya Fanlar akademiyasiga topshirishi kerak, sud shunday qaror chiqardi.
"Olimning oilasi o‘n yillar davomida uyida oy changini saqlab kelgani uning qarindoshlari ushbu materialni madaniy boylik sifatida xorijga olib chiqish uchun ariza topshirganda ma’lum bo‘ldi. U chet eldagi kolleksionerlarga sotilishi mumkin edi", deya qayd etdi nashr.
Olim oy jinsi namunalarini 1970-yillarda Sovet Ittifoqiga qilgan ilmiy safari chog‘ida olgan. Chexiya Fanlar akademiyasi materialni o‘ziga qaytarib olishga qaror qildi, chunki tadqiqotchi SSSRga xususiy shaxs sifatida emas, balki akademiya vakili sifatida borgan.
Olimning qizi onasi oy tuprog‘ini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sovet hamkasblaridan olganini va oila uni o‘z mulki deb hisoblaganini da’vo qilmoqda.
Chexiya Oliy sudi akademiya tomonini oldi. Olim namunalar "hech qanday holatda uning tasarrufiga o‘tib qolishi mumkin emasligini" bilishi kerak edi, deb qaror chiqardi sud.