Chexiya AQShning Ukrainaga keyingi yetkazib berish uchun Amerika qurollarini sotib olish loyihasiga qo‘shilishni rejalashtirmayapti.
Bu haqda respublika bosh vaziri Petr Fiala ma’lum qildi.
"Chexiya Ukrainaga yordam berishning boshqa loyihalari va yo‘llariga e’tibor qaratadi. Masalan, G‘arb davlatlari hisobidan uchinchi davlatlardan sotib olingan o‘q-dorilarni yetkazib berish tashabbusi orqali - bu taklifni mamlakatimiz ilgari surgan. Shu bois, hozirgi bosqichda biz Amerikaning ushbu loyihasida ishtirok etishni ko‘rib chiqmayapmiz", - deya ta’kidladi Fiala.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp zamonaviy Amerika qurollarini keyinchalik Ukrainaga topshirish uchun NATOga a’zo mamlakatlarga sotish rejalari haqida ma’lum qilgandi. Loyiha Alyans tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, Daniya, Shvesiya, Norvegiya, Niderlandiya va Kanada allaqachon Ukraina uchun Amerika qurollarini sotib olishni moliyalashtirishga tayyorligini bildirgan.