UEFA xabar berishicha, shu mavsumdan boshlab turnirning hal qiluvchi o‘yinlari markaziy Yevropa vaqti bilan 18:00 da boshlanadi. Bu degani O‘zbekiston vaqti bilan 21:00. Final uchun ideal vaqt!
"Bu qaror logistika va operasiyalarni optimallashtirish hisobiga o‘yin kuni muxlislar, jamoalar va mezbon shaharlarning umumiy taassurotini yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, shu bilan birga bir qator sezilarli afzalliklarni ta’minlaydi. Bizning maqsadimiz — o‘yin kunini tomoshaga jalb qilingan har bir kishi uchun chinakam yoqimli qilish va oilalar hamda bolalarning mavsumning eng katta va muhim o‘yiniga osonlik bilan tashrif buyurishi uchun qulay muhit yaratishdir.
Boshqa shaharlardan kelgan muxlislar uchun bu jamoat transportidan foydalanishni yaxshilaydi (ayniqsa, o‘yindan keyin) va stadiondan xavfsizroq hamda qulayroq qaytish imkonini beradi. Mezbon shaharlar uchun esa, bu tadbirdan olinadigan ijobiy iqtisodiy samarani oshiradi, chunki muxlislarga bayramni davom ettirish imkonini beradi.
Yangi boshlanish vaqti, shuningdek, translyasiyalar uchun qulayroq jadval tuzishga yordam beradi, bu esa finalning butun dunyo bo‘ylab yanada kengroq televizion va raqamli auditoriyani qamrab olishiga yordam beradi – bunda yosh tomoshabinlarni jalb qilishga alohida e’tibor qaratilgan", — deyiladi UEFA bayonotida.