Oliy Majlisda davlat chegarasini qo‘riqlashni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, endilikda chegara orqali tovarlar, valyuta va qimmatbaho metallarni noqonuniy olib o‘tish, shuningdek bojxona nazoratini chetlab o‘tish holatlari uchun jazo kuchaytiriladi.
Ayniqsa, yer ostida noqonuniy qurilgan tunnellar yoki boshqa infratuzilmalardan foydalanib chegarani kesib o‘tish og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanmoqda.
Shuningdek, bunday tunnellarni qurish, ulardan foydalanish yoki ushbu faoliyatni moliyalashtirish uchun alohida jinoiy javobgarlik joriy etish ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasi aholi xavfsizligi, iqtisodiy barqarorlik va davlat chegaralarini mustahkam himoya qilishga qaratilgan.