Bugun 27 iyul, 2026 yil, dushanba

КИР

Chaqaloqlarda nima uchun issiqlik toshmasi paydo bo‘ladi?

Chaqaloqlarda nima uchun issiqlik toshmasi paydo bo‘ladi?

Savolga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ilmiy xodimi Noiba AZIMOVA javob berdi.

— Issiqlik toshmalaridan asosan bolalar, ayniqsa, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar ko‘p aziyat chekadi. Ushbu holat go‘daklarda termoregulyatsiya mexanizmlari yaxshi shakllanmagani hamda terisi nozik bo‘lishi bilan bog‘liq.

🩺 Kasallik badanda mayda qizil, pushti yoki oq pufakchalar ko‘rinishidagi toshmalar toshishi bilan namoyon bo‘ladi

Xastalikni qo‘zg‘atuvchi qator omillar bor. Issiq havo, yuqori namlik, sintetik matolardan tikilgan liboslar, ortiqcha vazn — ular orasida eng keng tarqalgani.

➡️ Agar farzandingiz terisida toshmalar paydo bo‘lsa, albatta, dermatologga murojaat qilish lozim.

✅ Muolaja jarayonida krem o‘rniga, ortiqcha namlikni yutuvchi hamda terining nafas olishiga imkon beradigan kukundan foydalanish maqsadga muvofiq.

Bolani cho‘miltirish chog‘ida suvga moychechak damlamasini qo‘shish tavsiya etiladi. So‘ng go‘dak tanasi sochiq bilan artilib, badaniga tarkibida talk, kraxmal, rux bo‘lgan kukun sepiladi.

♻️ Bu go‘dakka terapevtik ta’sir ko‘rsatib, infeksiya bilan yaxshi kurashadi, teri namligini normallashtiradi.

❌ Bolalarda issiqlik toshmalari paydo bo‘lishining oldini olish uchun, avvalo, sintetik matolardan tikilgan kiyimlardan voz kechish lozim. Chunki bunday ust-bosh terining nafas olishiga xalaqit beradi va tirnash xususiyatiga ega.

➡️ Buning o‘rniga paxta, zig‘ir, jun kabi tabiiy matolardan tayyorlangan liboslardan foydalanish zarur. Ular namlikni shimib oladi va havoni yaxshi o‘tkazadi.

🌡 Shuningdek, bolalar xonasidagi haroratni +20 darajadan oshirmaslik tavsiya etiladi. Qolaversa, gigiyenaga alohida e’tibor berish shart. Bolani tez-tez cho‘miltirish foydali.

Kiritildi: 15:43 05.07.2026. O'qildi: 1323 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!