Byudjetni konsolidasiya qilish davlat moliyasining barqarorligini ta’minlash va yaqin istiqbolda inflyasion bosimni pasaytirish uchun zarur hisoblanadi. Ayni paytda aholining himoyaga muhtoj qatlamlarini ko‘llab-quvvatlash va o‘rta muddatli davrda iqtisodiyot samaradorligini oshirish muhim hisoblanadi. Byudjet konsolidasiyasini iqtisodiy o‘sishga zarar yetkazmagan holda, xususan, aholining himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam berish, energiya subsidiyalarini kamaytirish, ijtimoiy xarajatlar va ijtimoiy himoya tizimiga sarflanadigan xarajatlarning manzilligini oshirish, shuningdek, direktiv kreditlash hajmini kamaytirish orqali amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Xalqaro valyuta jamg‘armasining qayd etishicha, agar byudjetning daromad va/yoki xarajatlar qismi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga kelsa, byudjet taqchilligini kamaytirish maqsadlariga erishish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishga tayyor bo‘lishi kerak. Soliq bazasini kengaytirish, soliq tizimini yanada modernizasiya qilish, xarajatlar samaradorligini oshirish, asosiy byudjet jarayonlarini takomillashtirish, davlat investisiyalari jarayonini unifikasiya qilish va fiskal xatarlarni yanada samarali boshqarish kabi choralar fiskal sohadagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Soliq siyosati va ma’murchiligi, davlat moliyasini boshqarish kabi sohalarda salohiyatning uzluksiz ravishda mustahkamlanib borishi qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘llashning samarali tizimini joriy etish, fiskal strategiyani va fiskal xatarlarni baholash borasida sezilarli yutuqlarga erishish imkonini bergani ta’kidlangan.
Missiya mazkur sohalarda ishlarni davom ettirish kerakligini qayd etgan. Shuningdek, bayonotda davlat-xususiy sheriklik bitimlari bilan bog‘liq xatarlarning oldini olish maqsadida davom etayotgan inventarizasiya natijalarini hisobga olgan holda davlat qarzi to‘g‘risidagi qonunga muvofiq DXSh loyihalari bo‘yicha kafolatlarning yuqori chegarasini belgilash tavsiya qilingan.