Buyuk Britaniyada vafot etgan donordan ko‘chirib o‘tkazilgan bachadon yordamida birinchi bor chaqaloq dunyoga keldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Bolaning onasi 30 yoshlardagi Greys Bell bo‘lib, u bachadonsiz tug‘ilgan. Bell Buyuk Britaniyada taxminan 5 ming ayolda uchraydigan MRKH sindromiga ega: bu holatda ayol bachadonsiz tug‘iladi, hayz ko‘rmaydi, biroq tuxumdonlari me’yorda bo‘ladi.
U 16 yoshida farzand ko‘ra olmasligini bilgan. Keyin esa er-xotin uchun yagona yechim bachadon transplantasiyasi yoki surrogat onalik xizmati bo‘lgan. Bell transplantasiya uchun donor bachadoni topilgani haqida xabar olgan lahzani eslab, “butkul shokda” bo‘lganini aytadi.
Bellning bachadon transplantasiyasi 2024 yil iyun oyida Oksforddagi Cherchill kasalxonasida amalga oshirilgan. Operasiya 10 soat davom etgan. Bir necha oy o‘tib, er-xotin Londondagi Lister fertil klinikasida EKU muolajasidan o‘tgan.
Natijada Hugo 2025 yil dekabr oyida Londondagi Qirolicha Sharlotta kasalxonasida qariyb 3,2 kilogramm vaznda tug‘ilgan va hozirda 10 haftalik. Bell bachadon transplantasiyasi orqali tug‘ilgan o‘g‘lini “shunchaki mo‘’jiza” deb ataydi.
“Men donorim va uning oilasini har kuni o‘ylayman. Ularning qizi menga hayotning eng katta sovg‘asini — yashash sovg‘asini berganini bilib taskin topishlarini tilayman”, — dedi Bell.
Operasiyada ishtirok etgan jarrohlar bu yangilik bachadonsiz ayollar uchun katta umid berishini ta’kidladi. Bellning o‘lik donordan bachadon transplantasiyasi Buyuk Britaniyada klinik tadqiqot doirasida amalga oshirilayotgan 10 ta shunday operasiyadan biri hisoblanadi. Hozirgacha uchta transplantasiya o‘tkazilgan, ammo chaqaloq tug‘ilishi birinchi holat bo‘ldi.
Qayd etilishicha, 2025 yil boshida Britaniyada tirik donor bachadoni orqali dunyoga kelgan ilk chaqaloq — Emi ham tug‘ilgan: uning onasiga bachadon 2023 yil yanvar oyida opasidan ko‘chirib o‘tkazilgan. Buyuk Britaniyada yaqin qarindoshlardan yana beshta bachadon transplantasiyasi rejalashtirilgan.