Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va AQSh prezidenti Donald Tramp telefon orqali suhbat chog‘ida Ukraina bo‘yicha "xohlovchilar koalisiyasi"ni muhokama qildi.
Bu haqda Britaniya bosh vazirining idorasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni muhokama qilgan, shuningdek, iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muhokamalarni davom ettirishga kelishib olgan.
"Ukraina masalasini muhokama qilar ekan, Bosh vazir prezidentni shu haftada Parijda bo‘lib o‘tgan "xoxlovchilar koalisiyasi" yig‘ilishidagi samarali muhokamalar haqida ma’lum qildi", — deyiladi xabarda.
Davlat rahbarlari, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga "kollektiv bosimni davom ettirish" zarurligini yana bir bor tasdiqladilar.
Eslatib o‘tamiz, 27 mart kuni Parijda "xohlovchilar koalisiyasi" sammiti bo‘lib o‘tgan va unda 30 ga yaqin davlat vakillari Ukraina mojarosi tugaganidan keyin Kiyev uchun ehtimoliy "xavfsizlik kafolatlari"ni muhokama qilgan edi. Asosiy mavzulardan biri Ukraina hududiga harbiy kontingentni joylashtirish ehtimoli edi.