Xitoy AQShga elektronika va boshqa ayrim tovarlarning asosiy yetkazib beruvchisi hisoblanadi, bu esa mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro bojlar joriy etilishi oqibatida amerikalik iste’molchilarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda Bloomberg agentligi AQSh Xalqaro savdo komissiyasining 2024-yilgi ma’lumotlariga asoslanib xabar berdi.
Agentlik baholashiga ko‘ra, Xitoy AQShga o‘yin pristavkalarining 90 foizga yaqinini, smartfonlarning 70 foizdan ko‘prog‘ini va noutbuklarning taxminan 66 foizini yetkazib beradi. Bundan tashqari, XXR mo‘yqalam ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan bo‘rsiq va boshqa hayvonlar junining yagona ta’minotchisi hisoblanadi. AQShga import qilinadigan tosterlar, elektr adyollar, kalkulyatorlar va uyg‘otgich soatlarning 99 foizdan ortig‘i, shuningdek, soyabonlar, termoslar, sun’iy gullar va LED lampalarning 90 foizdan ko‘prog‘i Xitoyda ishlab chiqariladi.
AQShning muhim minerallar va nodir yer elementlari sohasida Xitoyga qaramligi alohida e’tiborni tortmoqda. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Xitoy kompaniyalari Amerika iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan skandiy va ittriy yetkazib berishning qariyb 80 foizini ta’minlagan.
Bloomberg ta’kidlashicha, Xitoy mahsulotlariga bunday yuqori darajadagi bog‘liqlik amerikalik iste’molchilar va biznes uchun jiddiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.