Bugun 25 avgust, 2026 yil, seshanba

КИР

Buyuk Britaniya o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarda tungi cheklov joriy etadi

Buyuk Britaniya o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarda tungi cheklov joriy etadi

Buyuk Britaniya hukumati ijtimoiy tarmoq platformalaridan 16–17 yoshli o‘smirlarning tungi vaqtda platformalardan foydalanishini avtomatik tarzda cheklashni talab qilmoqda. Bu haqda mamlakatning Fan, innovasiyalar va texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Rejaga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar 00:00 dan 06:00 gacha o‘smirlar uchun avtomatik «komendantlik soati»ni joriy qilishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, foydalanuvchilarni platformalarda uzoqroq ushlab turishga xizmat qiluvchi funksiyalar, jumladan, videolarning avtomatik tarzda ketma-ket qo‘yilishi va shaxsiylashtirilgan kontentning uzluksiz tavsiya qilinishi standart holatda o‘chirib qo‘yiladi. Istalsa, o‘smirlar ushbu sozlamalarni mustaqil ravishda o‘zgartirishlari mumkin bo‘ladi.

Vazirlik rahbari Liz Kendallning ta’kidlashicha, ushbu choralar yoshlarning sog‘lom uyqusi, ta’limga e’tibor qaratishi hamda oila va do‘stlari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishiga yordam beradi.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniya hukumati sun’iy intellekt asosida ishlaydigan chat-botlar ishlab chiquvchilaridan 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilar uchun kunlik foydalanish cheklovlarini joriy etishni ham talab qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, bolalar uchun xavfli deb topilgan, xususan, tasdiqlanmagan yoki chalg‘ituvchi ruhiy salomatlik bo‘yicha maslahatlar beruvchi chat-botlarga nisbatan taqiq choralari ham ko‘rib chiqilmoqda.

Mazkur tashabbuslar yil oxirida Britaniya parlamentiga kiritilishi, qabul qilingan taqdirda esa 2027 yil bahorida kuchga kirishi kutilmoqda.

Kiritildi: 18:15 15.07.2026. O'qildi: 1112 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!