Buyuk Britaniya hukumati G‘azo sektoridan 300 nafargacha og‘ir kasal bolani davlat shifoxonalarida davolanish uchun evakuasiya qilish rejalarini ishlab chiqmoqda.
Bu haqda Britaniyaning The Sunday Times haftalik nashri manbalarga tayanib xabar berdi.
Unga ko‘ra, dastur tafsilotlari yaqin haftalarda rasman e’lon qilinadi. Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi rahbari Devid Lemmi, ichki ishlar vaziri Ivet Kuper va Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Ues Striting bu borada ishlamoqda. Qayd etilishicha, G‘azodan kelgan har bir bolaga ota-onasi yoki vasiylaridan biri va boshqa qarindoshlaridan biri hamrohlik qiladi. Nashrning yozishicha, Britaniya hukumati evakuasiya qilinganlarning bir qismi davolanganidan keyin vataniga qaytmasligini kutmoqda.
Gazeta ta’kidlaganidek, 2023 yil oktyabr oyida Falastin-Isroil mojarosi avj olganidan beri G‘azodan faqat uch nafar bolaga Buyuk Britaniyaga tibbiy vizalar berilgan. Project Pure Hope tashkiloti og‘ir kasal bolalarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
The Sunday Times gazetasining ta’kidlashicha, G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro paytida anklavdan 7000 dan ortiq bemor, jumladan 5000 bolalar evakuasiya qilingan. Ularning aksariyati Misr, BAA yoki Qatarga olib ketilgan. Nashr qo‘shimcha qilganidek, 200 ga yaqin bola Yevropa mamlakatlariga, jumladan Ispaniya, Italiya, Irlandiya, Norvegiya va Ruminiyaga evakuasiya qilingan.