Madridning “Real” klubi rahbariyati Xabi Alonso o‘rniga Zinedin Zidanni olib kelish haqida o‘ylamoqda. Fichajes nashri xabariga ko‘ra, “qirollik klubi” fransiyalik mutaxassis bilan 6 oylik shartnoma imzolashni mo‘ljallamoqda.
53 yoshli mutaxassis “Real”dagi ikki yillik faoliyati davomida katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Ammo uning yana madridliklar boshqaruviga qaytish ehtimoli past baholangan. Chunki Zidan Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lmoqchi va allaqachon federasiya bilan og‘zaki kelishuvga erishgan. Qayd etilishicha, Zidan 2026-yilgi Jahon chempionati yakunlangach, Fransiya terma jamoasi ustozi etib tayinlanadi.
Shu tariqa, “Real” mavjud muammoga darhol yechim topish uchun yuqori darajadagi nomzodlarni ko‘rib chiqmoqda. Agar Alonso jamoani tark etgach, hozirgi vaqtda yoshlar jamoalarini boshqarayotgan Alvaro Arbeloa vaqtinchalik murabbiy sifatida tayinlanadi.
Avvalroq “Real” Liverpul” sobiq ustozi, hozirgi kunda “Red Bull” kompaniyasida sport direktori vazifasida ishlayotgan Yurgen Klopp bilan shartnoma imzolamoqchi ekanligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Ammo Fichajes nashrining qayd etishicha, nemis mutaxassisi ispan klubi taklifiga rad javobini bergan.
Eslatib o‘tamiz, Zinedin Zidan bungacha ikki bor Madridning “Real” klubiga bosh murabbiylik qilgan (2016–2018 va 2019–2021 yillar oralig‘ida). Ushbu davr mobaynida u jamoa bilan uch marta UYEFA Chempionlar Ligasi, ikki marta La Liga chempionligi va ikki bor Ispaniya Superkubogi g‘olibligini qo‘lga kiritgan.