Buyuk Britaniya Chagos orollarini Mavrikiyga qaytarish rejasini to‘xtatdi. Bunga Trampning qarshiligi sabab bo‘ldi.
Britaniya hukumati Hind okeanidagi ushbu strategik arxipelagni topshirish haqidagi qonun loyihasini parlament kun tartibidan chiqarib tashladi. Ma’lum qilinishicha, London bu kelishuvga faqat Vashingtonning to‘liq qo‘llab-quvvatlovi bilangina rozi bo‘lishini bildirgan. Mazkur orollar tarkibidagi eng yirik orol — Diyego-Garsiyada AQSh va Buyuk Britaniyaning muhim harbiy bazasi joylashgan.
Avvalroq tomonlar suverenitetni Mavrikiyga berib, bazani 99 yilga ijaraga olishga kelishib olishgan edi. Biroq Donald Tramp yanvar oyida bu qarorni "o‘ta ahmoqona ish" deb atab, unga qarshi chiqqan.
Britaniya hukumati bazaning xavfsizligi ustuvor vazifa bo‘lib qolishini va bu borada AQSh hamda Mavrikiy bilan muloqotni davom ettirishini ma’lum qildi.