Huquqni muhofaza qilish idoralarining xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirgan tadbirlari natijasida respublikamizda faoliyati taqiqlangan «Nurchilar» diniy ekstremistik tashkiloti a’zosi faoliyatiga chek qo‘yildi.
Jumladan, 1975 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan To‘xtamurodov Bobirjon Baratovich «Nurchilar» DET a’zosi bo‘lib, ushbu tashkilot safida faoliyat olib borgan.
B.To‘xtamurodov iqtidorli yoshlarni «nurchilar» safiga jalb qilish, ularni respublikamizdagi demokratik boshqaruvga qarshi tarbiyalash, shuningdek, tashkilotga taalluqli bo‘lgan ekstremistik g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan materiallar va adabiyotlarni tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan.
2010-2011 yillarda bir nechta jinoiy sheriklari hibsga olingach, B.To‘xtamurodov jinoiy javobgarlikdan qutilish maqsadida Rossiya Federasiyasiga chiqib ketgan va Novosibirsk shahrida jinoiy faoliyatini davom ettirgan. Ko‘rilgan qidiruv chora-tadbirlari natijasida u mamlakatmizga olib kelindi.
Sud hukmi bilan B.To‘xtamurodov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan aybdor deb topilib, u 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.
Hurmatli fuqarolar, Sizlarni Internet tarmog‘idan foydalanish jarayonida va xorijda bo‘lish davomida turli taqiqlangan tashkilotlar, xususan Islom dinini niqob qilib fuqarolarni o‘z safiga jalb qilayotgan ekstremistik oqimlar va terrorchilik tashkilotlari, shuningdek diniy da’vatchilarga ergashishdan ogohlantiramiz.