Shu yilning avgust oyi davomida Qorako‘l tuman ichki ishlar bo‘limiga tuman hududida yashovchi bir nechta fuqarolardan Darg‘abog‘i mahallasida yashovchi, 26 yoshli mol jallob (olib-sotar) M.S.ning qoramol olib, hozirga qadar pullarni bermay kelayotgani haqida arizalar tusha boshladi. Mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tergovga qadar tezkor tekshiruv harakatlari olib borildi. Bu haqda "Postda" nashri yozmoqda.
Tergov davomida M.S. «Polvonlar», «Mirzaqal’a», «Kamolot», «Qoraun», «Darg‘abog‘i» mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi o‘n uch nafar fuqaroning qoramollarini olib, sotib berishini va pulini tez orada berishini aytib, aldab ketgani ma’lum bo‘ldi. Jallob bu harakati bilan jabrlanuvchilarga jami 489 million 250 ming so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazadi.
Yakka tartibda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi M.S. tergov organi tomonidan ushlandi. Unga takroran sodir qilgan bir necha og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlari uchun Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a»,«b» bandlari (ko‘p miqdorda, takroran yoki xavfli residivist tomonida firibgarlik) 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan ayb e’lon qilindi. Ayni paytda unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.