Darren Fletcher hakamlar bilan ziddiyat tufayli 3ta o‘yinga diskvalifikasiya oldi.
Angliya futbol assosiasiyasi ma’lum qilishicha, "Manchester Yunayted" ustozi 19 oktyabr kuni "Brentford"ga qarshi bahsda hakamlar bilan ziddiyatga borgani tufayli 3ta o‘yinga chetlatildi va 7500 funt jarimaga tortildi.
"Yunayted" shtabi mankunianlar maydonda kamchilik bo‘lib qolganida Itan Pinnok goli uchun e’tiroz bildirishgandi. Gol sodir bo‘lganda hakam Matteys de Ligtga boshidagi jarhat tufayli maydonga qaytishga ruxsat bermagan edi.
O‘shanda Erik ten Xag va Rud van Nistelroylar e’tiroz uchun sariq kartochka bilan jazolanishgan, Fletcher esa tanaffus paytida hakamlar bilan janjallashgandi.
Futbol assosiasiyasining ma’lum qilishicha, MYu sobiq futbolchisi hakamlar brigadasi bilan muloqot vaqtida "haqoratli so‘zlar"dan foydalangan.