Buxoro shahrida homilador ayolni operasiya qilish uchun 450 ming so‘m olgan shifokor qo‘lga olindi. Bu haqda «Bugun.uz» xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Buxoro viloyati huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan. Unda Buxoro shahridagi tug‘uruq kompleksi shifokori fuqarodan bemor kelinining homilasini jarrohlik yo‘li bilan dunyoga keltirgani uchun pul so‘ragani aniqlangan. U kimyoviy ishlov berilgan 450 000 so‘mni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 214-moddasi (Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.