Buxoro shahrida faoliyat yurituvchi “Kelajak” MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) soliq tekshiruvi yuzasidan Biznes-ombudsman devoniga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Buxoro viloyati soliq boshqarmasining buyrug‘iga asosan MCHJ faoliyatida o‘tkazilgan soliq auditi tekshiruvi natijasida, MCHJ tomonidan ob’ektning qurilish ishlari yigirma to‘rt oy ichida yakunlanmaganligi ta’kidlanib, mazkur ob’ekt yuzasidan 2023 yil uchun 6,4 milliard, 2024 yil uchun 6,7 mlrd so‘m jami 13 milliard 165 million so‘m mol-mulk solig‘i hisoblangan.
Murojaatni o‘rganish davomida qurilayotgan ob’ektning ishga tushirish muddati vakolatli organlar tomonidan 2026 yil dekabr oyiga qadar uzaytirilganligi ma’lum bo‘ldi.
Soliq kodeksining 411-moddasi ikkinchi qismi 2-bandiga asosan qurilishi tugallanmagan ob’ektlarga
- qurilish ob’ektiga doir loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan normativ muddatda qurilishi tugallanmagan ob’ektlar,
- agar qurilishning normativ muddati belgilanmagan bo‘lsa, ushbu ob’ektning qurilishiga vakolatli bo‘lgan organning ruxsatnomasi olingan oydan e’tiboran yigirma to‘rt oy ichida qurilishi tugallanmagan ob’ektlar kirishi va ular mol-mulkka solinadigan soliq solish ob’ekti hisoblanishi belgilangan.
Ushbu holat yuzasidan qurilayotgan qurilish ob’ektiga doir loyiha-smeta hujjatida qurilishning boshqa normativ muddati belgilanganligi to‘g‘risida Vakil devoni tomonidan xulosa kiritilishi natijasida MCHJga tekshirish davomida hisoblangan 13 165,7 mln so‘m mol-mulk solig‘i qo‘llanilmaydigan bo‘ldi.