Bugun 30 aprel, 2025 yil, chorshanba

КИР

Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida qurilish ishlari munosabati bilan ko‘p sonli daraxt va butalarning kesilayotgani haqida xabarlarga rasmiy munosabat bildirildi

Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida qurilish ishlari munosabati bilan ko‘p sonli daraxt va butalarning kesilayotgani haqida xabarlarga rasmiy munosabat bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida qurilish ishlari munosabati bilan ko‘p sonli daraxt va butalarning kesilayotgani haqida xabar tarqaldi.

27-iyul kuni AOKA binosida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi rahbariyati ushbu dolzarb masalalar yuzasidan fikr bildirdi.

2023-yil 6-iyul kuni Buxoro viloyati hokimligi A-380 avtomobil yo‘lining 150-228 km uzunlikdagi “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” qismini rekonstruksiya qilish loyihasini tasdiqlash uchun Ekologiya vazirligiga yuborgan. Loyihada 31 371 ta daraxt va butalarni yaqin atrofdagi bo‘sh joylarga ko‘chirib o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, joriy yilning 7-iyul kuni Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan 4R-100 “Mang‘uzor-Jarqo‘rg‘on-Bandixon-Oltinsoy-Denov” avtomobil yo‘lining 128-174 km va 4R-105 “Darband-Boysun-Elbayon” avtomobil yo‘lining 5-70 km qismlarini rekonstruksiya qilish loyihasi yuzasidan 21 803 dona daraxtni belgilangan tartibda ko‘chirib o‘tkazishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilingan.

Ma’lumot uchun: Bosh vazir o‘rinbosari J. A. Xodjayev tomonidan imzolangan Hukumat komissiyasining 2023-yil 21-iyuldagi 58-son bayonnomasiga muvofiq, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga bir hafta muddatda daraxtlarni atrof-muhitga zarar yetkazmasdan ko‘chirish bo‘yicha Hukumat komissiyasiga xulosa berish va tegishli takliflar kiritish topshirilgan.

Bir qator nashrlarda Hukumat komissiyasining bayonnomasiga havola qilingan ma’lumotlar (“...52 ming daraxt kesish ko‘rsatmasi”, “Anomal issiqda 70 mingga yaqin daraxt kesilishi”, “Abduhakimovga 53 174 tup daraxtni o‘ldirishga xulosa berish topshirilgan”) to‘g‘ri emas. Hukumat komissiyasining 2023-yil 21-iyuldagi 58-sonli bayonnomasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tayanib (bu haqda jurnalistlar va blogerlarning o‘zlari aytib o‘tgan) ta’kidlaymizki, ushbu hujjatda daraxtlarni kesish haqida birorta ham so‘z, shuningdek, bunday issiq mavsumda yashil maydonlar bilan biron bir chora ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar yo‘q.

Ta’kidlash joizki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ushbu murojaatlarga javoban o‘simlik dunyosi obektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritilishi, shuningdek, respublikamiz bo‘ylab kuzatilayotgan chang-to‘zon va qum bo‘ronlari ta’sirini kamaytirishda ushbu daraxt va butalarning o‘rni muhim ekanligini eslatgan holda rad javobini bergan (xatlarning nusxalari ilova qilingan).

Hokimliklarga yuborilgan rasmiy javoblardan so‘ng Buxoro viloyatidan qurilish kompaniyasi vakillari vazirlikka tashrif buyurib, daraxt va butalarga zarar yetkazmagan holda loyihaga o‘zgartirishlar kiritishlari haqida ma’lumot berishgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vaziri Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan daraxtlarni kesish yoki ko‘chat o‘tqazish masalalari bo‘yicha manfaatdor ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik faollari, shuningdek, mahalliy aholi ishtirokida “jamoatchilik muhokamasi” tashkil etish orqali bunday murojaatlarni ko‘rib chiqishning yangi mexanizmi joriy etilgan edi.

Qolaversa, turli investisiya loyihalarini ko‘rib chiqishda bunday so‘rovlar kamdan-kam uchrab turishini ta’kidlash lozim. Tabiiyki, loyiha tashabbuskorlari o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda taklif bildirsa, o‘z navbatida Ekologiya vazirligi ham atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy muvozanatni saqlash manfaatlaridan kelib chiqqan holda o‘z xulosasini beradi.

Kiritildi: 13:29 28.07.2023. O'qildi: 1772 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!