Germaniya tashqi ishlar vaziri Trampning hokimiyatni almashtirish chaqiruvidan so‘ng Zelenskiyni qo‘llab-quvvatladi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainada rahbariyatni almashtirish haqidagi chaqiruvidan so‘ng Vladimir Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
«Evropaga barqarorlik kerak. Bu esa biz Ukraina, shu jumladan, uning hukumati tarafida qat’iy turishda davom etishimizni va prezidentning murakkab vazifalarini bajarishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashimizni anglatadi», — dedi Vadeful Berlinda hukmron XDS/XSS bloki prezidiumi yig‘ilishi oldidan.
AQSh prezidentining so‘nggi qarorlari va bayonotlarini hisobga olgan holda, Germaniya tashqi ishlar vaziri Ukraina masalasida «izchillik va aniqlik» zarurligini ta’kidladi.
«Bizga Putin muzokaralarga tayyor bo‘lishi uchun unga kamroq emas, balki ko‘proq bosim o‘tkazish kerak. Bu zamon talabi va federal hukumat ham shu pozisiyaga amal qilmoqda», — dedi u.
Vadeful AQShning tinchlik kelishuviga erishish bo‘yicha sa’y-harakatlariga ehtiyotkorlik bilan baho berdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina delegasiyasi Mayamida Tramp vakillari bilan natijaga erishish yo‘llarini yana bir bor muhokama qilgan bir paytda, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina hududlarini bombardimon qilishda davom etgan.
«Ayniqsa, o‘tgan hafta ko‘plab tinch aholi vakillari halok bo‘ldi. Bu insoniyat uchun ham, tinchlik uchun ham fojiali hafta bo‘ldi», — deya ta’kidladi Germaniya tashqi ishlar vaziri.