AQSh Senati Rossiyaga qarshi 500 foizlik ikkilamchi bojlar bilan tahdid qilmoqda.
Demokrat senator Richard Blyumental va respublikachi Lindsi Grem tomonidan taklif etilgan yangi qonun loyihasida Rossiyaga qarshi keskin iqtisodiy choralar ko‘rish nazarda tutilgan. Agar Moskva yaqin kunlarda Ukrainada tinchlik bo‘yicha qabul qilib bo‘lmaydigan shartlar bilan chiqsa, bu mamlakat 500 foizlik sanksiyaviy tariflarga duch kelishi mumkin.
Qonun tashabbuskorlarining bayonotida qayd etilishicha, mazkur loyihaga 81 senator allaqachon hammuallif sifatida qo‘shilgan. Ular AQSh davlat kotibi Marko Rubioning so‘zlariga tayanib, Rossiya yaqin kunlarda tinchlik shartlari to‘g‘risidagi taklifini taqdim etishi kutmoqda.
"Bu hujjat mazmuni Rossiyaning tinchlikka qay darajada jiddiy munosabatda ekanini ko‘rsatib beradi. Biz ushbu jarayon yana avvalgilari kabi bo‘lishini taxmin qilyapmiz. Agar shunday bo‘lsa, Senat Rossiyaga nisbatan keskin choralar ko‘radi. Shu nuqtai nazardan, bizda Rossiyaning Ukrainaga bosqini uchun jazo sifatida tayyorlangan sanksiyalar loyihasini qo‘llab-quvvatlayotgan 81 senator borligidan mamnunmiz", deyiladi senatorlarning qo‘shma bayonotida.
Qo‘shma Shtatlar Kongressida Rossiyaga qarshi yangi qat’iy sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunni ovozga qo‘yish ehtimoli haqida gap-so‘zlar Tramp va Putin o‘rtasidagi so‘nggi muloqotdan so‘ng paydo bo‘ldi. O‘sha suhbatdan keyin Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilish niyati yo‘qligini bildirgan edi. Kreml esa dastlabki shartlarsiz o‘t ochishni to‘xtatishga qarshi chiqib, oldindan muzokaralar o‘tkazishni talab qilmoqda, bu pozisiyani Tramp ham o‘z chiqishlarida qo‘llab-quvvatlagan edi.
Shu bilan birga, agar Kongress sanksiyalar loyihasini qabul qilsa ham, Tramp unga veto qo‘yishi mumkin. Bunday vaziyatda uning vetocini bekor qilish uchun qonun loyihasi Senat va Qonunchilik palatasida uchdan ikki qism ovoz yig‘ish ehtimoli kam, chunki Kongressning har ikkala palatasida respublikachilar ko‘pchilik o‘ringa ega.