Bryusselda Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan Rossiya fuqarolarining Yevropa Ittifoqiga kirishi to‘liq taqiqlanishi muhokama qilinmoqda.
Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Saxknaning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab Rossiya harbiylari urush tugagach Yevropaga ketmoqchiligini bildirgan.
Deutsche Presse-Agentur(DPA) qo‘lga kiritgan hujjatlardan birida yozishicha, rossiyalik harbiylarning Yevropa Ittifoqiga kirishi va bu yerda bo‘lishi nafaqat zo‘ravonlik harakatlari xavfini oshiradi, balki shu orqali tashkil etiladigan jinoyatchilik, ekstremistik guruhlar va dushman davlat tuzilmalariga butun Yevropa bo‘ylab o‘zini mustahkamlashi va tarqalishi mumkin bo‘lgan muhim kanal sifatida xizmat qiladi.
Shuningdek, Bryusselda sobiq harbiylar Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan osonlik bilan yollanishi mumkin, deb hisoblanmoqda.
Hujjat mualliflarining fikricha, barcha Yevropa Ittifoqi va Shengen davlatlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan barcha fuqarolariga to‘liq kirish taqiqini joriy qilishi, ularga viza va doimiy yashash ruxsatnomasini bermasligi lozim.
Shu bilan birga, DPA'ning xabar berishicha, viza berish qoidalari turlicha bo‘lgani sababli bunday choralarni amalga oshirish qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Bundan tashqari, harbiyning haqiqatan Ukrainadagi jang harakatlarida qatnashganini aniqlash masalasi ham mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yildan buyon taxminan 1,5 million rossiyalik Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan. Hozirda janglarda taxminan 640 000 kishi ishtirok etmoqda.