Argentina futbol assosiasiyasi va futbolchilari JCh finalida Ispaniya milliy jamoasi o‘yinchilariga nisbatan qo‘pol harakatlari uchun jarimaga tortildi — FIFA matbuot xizmati.
Argentina terma jamoasi yarim himoyachisi Leandro Paredes 10 ta o‘yinga diskvalifikasiya qilindi va 90 ming dollar miqdorida jarimaga tortildi. Himoyachi Nauyel Molina 7 ta o‘yinga diskvalifikasiya qilinib, 90 ming dollar jarima to‘lashi belgilandi. Yarim himoyachi Tyago Almada esa 1 ta o‘yinga diskvalifikasiya qilindi va 30 ming dollar jarimaga tortildi.
Finaldan so‘ng Paredes Ispaniya terma jamoasi futbolchilari bilan janjallashib qolgan edi. U dastlab himoyachi Erik Garsiyaning bo‘ynidan ushlagan, keyin esa yarim himoyachi Gavini itarib yuborgandi.
FIFA, shuningdek, Argentina terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Ayalaga 30 ming dollar jarima soldi va uni 3 ta o‘yinga diskvalifikasiya qildi. Xuddi shunday jazo Ispaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Gaviga ham qo‘llandi.
Bundan tashqari FIFA Intizom kodeksining “Sport tadbiridan sportga oid bo‘lmagan namoyishlar uchun foydalanish”, “Jamoaning noto‘g‘ri xatti-harakati”, “Kamsitish va irqchilikka asoslangan haqorat” hamda “O‘yinlarda tartib va xavfsizlikni ta’minlash” buzilishi bandlari bo‘yicha Argentina futbol assosiasiyasiga nisbatan 321 000 AQSh dollari miqdorida jarima belgilandi.