Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibi Mohsen Rezoiy AQShning Eronga nisbatan harakatlari dunyoda yadroviy beqarorlik muhitini yuzaga keltirganini ta’kidladi.
"AQSh prezidenti Donald Trampning Eronga hujum qilishda namoyon bo‘lgan ahmoqona siyosati dunyoda atom bombasiga ega bo‘lish istagini kuchaytirdi. Ayniqsa, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikka a’zolik va Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma AQSh hujumining oldini olishda samarasiz ekani ma’lum bo‘lganidan keyin bu tendensiya kuchaydi", — dedi Rezoiy. Uning so‘zlarini Tasnim agentligi keltirmoqda.
Eron rasmiysiga ko‘ra, Vashington o‘z siyosati bilan "yadroviy xavfsizlik o‘rniga dunyoda yadroviy beqarorlikni yuzaga keltirdi".
"Amerikaliklar muzokaralar va diplomatiyaga xiyonat qildi, hatto Eron bilan ikki tomonlama anglashuv memorandumidagi o‘z imzosini ham inkor etdi", — dedi Rezoiy.
Uning ta’kidlashicha, shu sababli Eronning harbiy strategiyasi va diplomatik yondashuvida o‘zgarishlar bo‘ladi. Rezoiy Tehron tashqi dunyo bilan munosabatlarda diplomatik siyosatini qayta ko‘rib chiqishi zarurligini aytdi.
Shuningdek, u AQSh xalqi Eron bilan urushga qarshi ekani va mamlakatning harbiy-siyosiy rahbariyatini bu masalada qo‘llab-quvvatlamasligini da’vo qildi. Rezoiyning aytishicha, Eronda esa xalq va hukumat qurolli kuchlarni yagona front sifatida qo‘llab-quvvatlamoqda.
"Amerikaliklar harbiy zarbalardan butunlay umidini uzdi va endi iqtisodiy blokada ularning harbiy harakatlarini qo‘llab-quvvatlay oladi, deb o‘ylamoqda", — dedi u.
Rezoiy Eronga qo‘shni davlatlarni AQSh boshchiligidagi iqtisodiy bosim kampaniyasida ishtirok etmaslikka chaqirdi.
"Aks holda, biz ularni dushman deb hisoblaymiz. Biz urushni kengaytirishga intilmayapmiz, ammo Eron atrofidagi davlatlar amerikaliklar bilan iqtisodiy urushda hamkorlik qilsa, ularning manfaatlariga zarba beramiz", — dedi Rezoiy.
Uning ta’kidlashicha, agar Eronga qo‘shni mamlakatlar AQShning iqtisodiy bosimiga qo‘shilsa, "Fors ko‘rfazi yoki Hurmuz bo‘g‘ozidan bir tomchi ham neft tashqariga chiqmaydi".
Rezoiy bunday vaziyatda Eron Fors ko‘rfazidan neft eksport qilish uchun foydalaniladigan boshqa yo‘nalishlarga ham zarba berishini ma’lum qildi.