Eronga aloqador xakerlar Buyuk Britaniyadagi kichik energetika ob’ekti faoliyatini to‘rt kunga to‘xtatib qo‘ygan. Bu haqda The Telegraph manbalariga tayanib xabar berdi. Nashr voqeani mamlakat energetika sohasidagi bunday turdagi ilk muvaffaqiyatli kiberhujumlardan biri sifatida baholamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kiberhujum iyul oyida sodir bo‘lgan. U AQShning 12 shtatida suv infratuzilmasiga qaratilgan qator kiberhujumlar bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan.
Britaniya rasmiylari xavfsizlik nuqtai nazaridan hujumga uchragan ob’ekt nomini oshkor qilmagan. Hukumat vakillari uni katta elektr stansiyasi emas, balki kichik quvvatli energiya ishlab chiqaruvchi ob’ekt sifatida ta’riflagan. Mutaxassislarga uning faoliyatini tiklash uchun to‘rt kun kerak bo‘lgan.
Hodisa mamlakat elektr ta’minoti va milliy energetika tizimining umumiy barqarorligiga ta’sir ko‘rsatmagan. Hujum qilingan ob’ektning quvvati Britaniya umumiy energetika tizimi ko‘lamiga nisbatan juda kichik bo‘lgan.
Buyuk Britaniya Milliy kiberxavfsizlik markazi (NCSC) voqea haqida xabardor qilingan. Hodisadan keyin energetika kompaniyalari rahbarlari bilan shoshilinch muhokamalar o‘tkazilib, soha vakillariga infratuzilmani kibertahdidlardan himoya qilish choralarini kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.