Bu haqda DW xabar bermoqda.
Evropa Ittifoqining Lotin Amerikasidagi aksariyat davlatlarni o‘z ichiga olgan Mercosur savdo bloki bilan tuzayotgan kelishuviga qarshi yevropalik fermerlarning Bryusselda bo‘lib o‘tgan namoyishi tartibsizliklar va polisiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.
Nashrning xabar berishicha, Yevrokomissiya va Yevroparlament binolari joylashgan Bryusselning Yevropa kvartalida namoyishchilar to‘siqlarni buzib o‘tishga urindi, gulxanlar va pirotexnika vositalarini yoqdi, ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz purkadi hamda polisiyachilarga kartoshkalar uloqtirdi.
"Polisiya namoyishchilarga qarshi suv purkagichlardan foydalangan. Tartibsizliklar fonida xavfsizlik nuqtayi nazaridan Yevroparlament xodimlari boshqa binolarga ko‘chirildi, ularga derazalarga yaqinlashmaslik tavsiya etildi", deya yozmoqda DPA.
Bryusselda bo‘lib o‘tayotgan YEI sammitida, jumladan, Yevroittifoq va Lotin Amerikasi davlatlari o‘rtasidagi savdo kelishuvi masalasi muhokama qilinmoqda. Fermerlar ushbu kelishuvga qarshi chiqmoqda, chunki ular arzonroq import qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan raqobat kuchayishidan, shuningdek, YEI subsidiyalari qisqarishidan xavotirda.
Namoyish tashkilotchilari unda 10 ming nafar ishtirokchi qatnashganini bildirgan bo‘lsa, Bryussel polisiyasi namoyishchilar sonini taxminan 7 ming kishi deb baholadi.
Evrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen norozilik aksiyasi vakillari bilan uchrashib, YEI yevropalik fermerlar manfaatlarini hisobga olishda davom etishini bildirgan.