Buyuk Britaniya harbiy-dengiz kuchlarining yadroviy qurol olib yurish imkoniyatiga ega bo‘lgan to‘rtta «Vanguard» turidagi suvosti kemasidan uchtasi dengizga chiqdi.
Bu haqda The Times gazetasiga manbalar ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bu so‘nggi besh yildan ortiq vaqt davomida kuzatilgan ilk shunday holat bo‘lishi mumkin. Qoidalarga ko‘ra, «Vanguard» turidagi suvosti kemalaridan biri doimiy ravishda dengizda jangovar navbatchilikni o‘taydi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, qolgan ikkita kema mashg‘ulotlar va kelgusi patrullik operasiyalariga tayyorgarlik jarayonida bo‘lishi mumkin.
Gazetaning ta’kidlashicha, jangovar vazifalarni bajarishga qodir bo‘lgan uchta suvosti kemasining mavjudligi Buyuk Britaniya harbiy-dengiz kuchlariga ekipajlarning patrullikda bo‘lish muddatini qisqartirish imkonini beradi. Avvalroq Britaniya ommaviy axborot vositalari mamlakat harbiy xizmatchilariga ortiqcha yuklama tushayotgani haqida xabar bergan edi. Jumladan, ular jangovar navbatchilikdagi suvosti kemasida olti oygacha qolishga majbur bo‘lmoqda. Bunday holat boshqa suvosti kemalari dengizga chiqishga tayyor bo‘lmagani yoki ta’mirlanayotgani sababli yuzaga keladi.
Britaniya suvosti floti tarkibiga «Vanguard» sinfiga mansub to‘rtta atom suvosti kemasi kiradi: HMS Vanguard, HMS Vengeance, HMS Victorious va HMS Vigilant. Ularning barchasi 1990-yillarda qurilgan bo‘lib, Trident II (D5) ballistik raketalari bilan jihozlangan.
Buyuk Britaniyaning 2021 yilda e’lon qilingan xavfsizlik, mudofaa va tashqi siyosat sohalaridagi kompleks tahliliga muvofiq, 2030-yillarning boshlaridan ushbu suvosti kemalarini yangi «Dreadnought» sinfiga mansub kemalar bilan bosqichma-bosqich almashtirish boshlanadi.