Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Suriya bilan diplomatik aloqalar tiklanganini ma’lum qildi. Buni u Damashqda aytdi. Bu Britaniya tashqi ishlar vazirining so‘nggi 14 yil ichida Suriyaga ilk tashrifidir.
"Yangi hukumatni barcha suriyaliklar uchun barqaror, xavfsizroq va farovon kelajak qurish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishda qo‘llab-quvvatlash bizning manfaatlarimizga to‘g‘ri keladi", — deya vazir so‘zlaridan iqtibos keltiradi Britaniya hukumati matbuot xizmati.
Tashrif chog‘ida janob Lemmi Suriyaning o‘tish davri prezidenti Ahmad al-Shara va suriyalik hamkasbi Asaad al-Shayboniy bilan uchrashdi. Britaniya Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotiga qo‘shimcha 2 million funt sterling (2,7 million dollar) berishga qaror qildi. Mablag‘lar Suriyada "kimyoviy qurollarni yo‘q qilish"ga sarflanadi.
Bundan tashqari, London respublikaga gumanitar yordam uchun 94,5 million funt sterling (130 million dollar) yuboradi. Noqonuniy migrasiya va boshqa hukumat rejalariga qarshi kurashish uchun ham mablag‘ ajratiladi.
2024 yil dekabrida Suriyada hokimiyat almashganidan keyin Britaniya rasmiylari respublikaga nisbatan sanksiyalar rejimini yumshata boshladi. Aprel oyida Buyuk Britaniya Suriyaning bir qancha razvedka idoralari, ommaviy axborot vositalari va vazirliklarini, jumladan Mudofaa vazirligi va Ichki ishlar vazirligini sanksiyalar ro‘yxatidan olib tashladi.