Braziliyada o‘tkazilayotgan iqlim bo‘yicha xalqaro konferensiyaga hindular bostirib kirdi, ular Amazonka o‘rmonlari kesilishiga norozilik bildirishmoqda.
O‘nlab mahalliy xalqlar vakillari Braziliyaning Belen shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMT iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi o‘tkazilayotgan hududga kirishga urinishgan. Reuters agentligining xabar berishicha, ular xavfsizlik xodimlari bilan to‘qnashgan, natijada ayrim qo‘riqchilar jarohat olgan.
"Braziliya hindulari yetakchilari o‘rmonlardan foydalanish masalalarida ularning fikri sammitda inobatga olinishini talab qilmoqda. Kayan xalqi vakillaridan biri, taniqli yetakchi Raoni Metuktire ko‘plab braziliyalik hindular tropik o‘rmonlardagi sanoat va qurilish loyihalaridan norozi ekanini aytgan. U Braziliya hukumatini Amazonkani himoya qilish uchun tub joy xalqlariga ko‘proq huquqlar berishga chaqirgan. Prezident Luis Inasiu Lula da Silva esa konferensiya arafasida mahalliy xalqlarni “muzokaralarning muhim ishtirokchilari” deb atagan", deya yozmoqda agentlik.
10–21 noyabr kunlari Braziliyada BMTning 30-iqlim konferensiyasi (COP30) o‘tkazilmoqda. U 10 yil avvalgi Parij kelishuvidan so‘ng bo‘lib o‘tmoqda. O‘shanda qariyb 200 davlat asr oxirigacha o‘rtacha global haroratning 1,5 °C dan ortiq ko‘tarilmasligi uchun choralar ko‘rishga kelishgan edi. Biroq yaqinda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bu maqsadga erishish endi imkonsizligini tan oldi.