Eron milliy xavfsizligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish masalasida hech qanday murosaga bormaydi. Bu haqda Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari Ali Boqiriy Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan Pekindagi uchrashuvda ma’lum qildi. Bu haqda Tasnim News xabar berdi.
Uchrashuvda AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari, Tehronning urushni tugatishga qaratilgan diplomatik tashabbuslari hamda mintaqada barqaror xavfsizlikni ta’minlash masalalari muhokama qilingan.
Boqiriy AQSh va Isroilning Eronga qarshi harakatlarini qoralab, mamlakatga qilingan hujumlar, shuningdek, Eronning marhum rahbari va uning oila a’zolarining o‘ldirilishini unutilmas jinoyat deb atagan. U bunday harakatlarni harbiy jinoyat sifatida baholashini va ularning davom etishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini bildirgan.
Eron vakili, shuningdek, mamlakat o‘z milliy xavfsizligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish pozisiyasidan qaytmasligini ta’kidlagan.
«Butun bir sivilizasiyaga qarshi urush g‘alabaga olib kelmaydi. Bunday yondashuv jahon iqtisodiyotida uzilishlarga sabab bo‘ladi», — degan Boqiriy AQShning harbiy siyosati va hukmronlikka intilishini tanqid qilar ekan.
Uchrashuvdan keyingi intervyusida u Xitoy Eronning diplomatik yondashuvini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Shuningdek, uning ta’kidlashicha, kelgusida Tehron va Pekin diplomatiya hamda harbiy masalalar bo‘yicha umumiy yondashuvni shakllantirishga intiladi.