Bolgariyaning janubi-sharqidagi Yambol shahri yaqinida joylashgan «Frakiya» avtomagistralida 86 ta avtomobil ishtirokida yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Oqibatda kamida 12 kishi halok bo‘ldi, 46 kishi jarohatlandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fojiaga quyuq tuman sabab bo‘lgan.
Hodisa 10 noyabr, seshanba kuni ertalab sodir bo‘lgan. Bolgariya hukumatining ma’lum qilishicha, mahalliy vaqt bilan soat 07:00 atrofida Sofiyani Qora dengiz sohilidagi Burgas shahri bilan bog‘lovchi avtomagistralning qarama-qarshi yo‘nalishlarida bir nechta to‘qnashuvlar yuz bergan. Halokatda ko‘plab yuk mashinalari ham ishtirok etgan.
YTHdan so‘ng avtomagistralning har ikki yo‘nalishida harakat to‘liq to‘xtatilgan.
Bolgariya sog‘liqni saqlash vaziri Katya Ivkovaning ma’lum qilishicha, 10 kishi voqea joyida, yana ikki kishi esa shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan.
Jarohatlanganlar Sliven, Yambol va Burgas shaharlaridagi tibbiyot muassasalariga yetkazilgan.
Yambol viloyati gubernatori Georgi Chalakov hodisani mintaqa uchun misli ko‘rilmagan fojia deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, halokat ko‘lamini tasvirlash ham qiyin.
Polisiya hodisa sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov boshladi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, quyuq tuman tufayli ko‘rish masofasining keskin qisqarishi, yo‘l qoplamasining namligi va ob-havo sharoitiga mos bo‘lmagan tezlik ommaviy to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Fojia munosabati bilan Bolgariya bosh vaziri Rumen Radev rejalashtirilgan tadbirlarining bir qismini bekor qilib, hodisa joyiga yo‘l oldi.
Bolgariyada ishchi tashrif bilan bo‘lib turgan Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayenning tashrif dasturiga ham o‘zgartirishlar kiritildi.