Bolgariya prokuraturasi G‘azo sektorida Bolgariya fuqarosining o‘limi bo‘yicha sudgacha tergov ochdi.
The Times of Israel nashrining xabar berishicha, BMT xodimi Marin Marinov joriy yilning 19 mart kuni G‘azo sektorida o‘ldirilgan.
Keyinchalik Bolgariya fuqarosining o‘limiga tasodifiy otishma emas, balki Isroil snaryadlari sabab bo‘lgani rasman e’lon qilindi.
Prokuratura bu ish bilan Milliy tergov xizmati shug‘ullanayotganini tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, Marin Marinov Dayr al-Balah markazida joylashgan BMT binosiga berilgan zarba natijasida halok bo‘lgan edi. Isroil tomoni dastlab bu xabarlarni rad etgan bo‘lsa-da, keyinchalik Bolgariyadan rasman uzr so‘radi.