Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘iga asosan Xomidov Feruz Qosimovich Bolalar milliy tibbiyot markazi direktorining hududlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
F. Xomidov 2013 yil Buxoro davlat tibbiyot institutining bakalavr, 2016 yil Toshkent tibbiyot akademiyasining magistratura bosqichini tamomlagan. Shuningdek, Janubiy Koreyaning Chonnam Milliy universitetida doktorantura, Toshkent Vestminster universitetida menejment yo‘nalishida tahsil olgan.
Turli yillarda 1-son Respublika klinik shifoxonasi jarrohi, vazirlikning Ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni rivojlantirish hamda Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish boshqarmalari yetakchi mutaxassisi, Fan va ta’lim boshqarmasining Fan va ilmni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimlarida ishlagan.
Tibbiyot fanlari bo‘yicha fan doktori (DSc) F. Xomidov tayinlovga qadar vazirlikning Fan-ta’lim va innovasiyalar boshqarmasi Malaka oshirish, qayta tayyorlash, ilm va innovasiyalar bo‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.