Ayolning jasadi Salar kanalidan topilgan.
Toshkent metropoliteni mashinisti bo‘lib ishlagan 28 yoshli erkak o‘z homilador rafiqasini pichoqlab o‘ldirgani uchun sudlangan. Jinoyat 2023 yil dekabr oyida sodir bo‘lgan bo‘lib, u jasadni Salar kanaliga tashlab, voqea joyidan qochib ketgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, ayol oilaviy kelishmovchiliklar sabab ota-onasining uyiga ko‘chib o‘tgan. Erkak uni ishdan olib ketish bahonasi bilan mashinaga o‘tqazgan va yo‘lda janjal vaqtida oshxona pichog‘i bilan ko‘kragiga urgan. Ayol voqea joyida vafot etgan. Marhuma tibbiyot muassasasida ishlagan va homilador bo‘lgan.
Sudda ayblanuvchi qilgan jinoyatini tan olib, sevib turmush qurganini, lekin so‘nggi vaqtlarda kelishmovchiliklar kuchayganini, va pushaymonligini aytgan. Marhumaning yaqinlari esa erkak nafaqat ayolni, balki tug‘ilmagan farzandini ham o‘ldirganini ta’kidlab, eng og‘ir jazo — umrbod qamoq talab qilishdi.
Sud hukmiga ko‘ra, D.N. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «b» bandi — homilador ayolni atayin o‘ldirish bo‘yicha aybdor deb topilib, unga 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.