Bugun 22 may, 2025 yil, payshanba

КИР

Tramp Rossiyaning g‘alabasiga ishonch bildirmoqda

Tramp Rossiyaning g‘alabasiga ishonch bildirmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan suhbatlashgandan so‘ng, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushda g‘alaba qozonishiga ishonch bildirdi. Bu haqda Bloomberg manbalarga asoslanib xabar bermoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp bu fikrni keyinchalik Yevropa davlat rahbarlari bilan bo‘lgan suhbatda ham takrorlagan. Agentlik xabar qilishicha, Tramp Kremlning bir necha g‘oyalarini qaytarib, suhbatdoshlariga Rossiyaning urushdagi harbiy ustunligi haqidagi qarashga moyilligini anglatgan.

Putin va Tramp o‘rtasidagi suhbat 19 may kuni kechqurun bo‘lib o‘tdi va bu Tramp Oq uyga qaytganidan keyingi uchinchi muloqot edi. Prezidentlar Rossiya-Ukraina urushi hamda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni muhokama qildi. Ushbu suhbat Rossiya va Ukrainaning Istanbuldagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralaridan bir necha kun o‘tib - so‘nggi uch yil ichida ilk bor o‘tkazildi.

Tramp Putin bilan suhbatlashgandan so‘ng Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali bog‘landi. Zelenskiy bilan Tramp rossiyalik hamkasbi bilan muzokaralardan oldin ham gaplashgan edi. Bundan tashqari, Tramp Putin bilan bo‘lgan suhbati haqida Fransiya va Finlyandiya prezidentlari Emmanuel Makron va Aleksandr Stubb, Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni va Germaniya kansleri Fridrix Mersga ma’lumot berdi.

The New York Times gazetasining oltita manbasi xabar berishicha, Tramp Zelenskiy va Yevropa rahbarlariga Rossiya va Ukraina harbiy mojaroni mustaqil ravishda hal qilishlari kerakligini aytgan. Nashrning ta’kidlashicha, u shuningdek, sanksiyalarni kuchaytirish kabi Rossiyaga bosim o‘tkazish masalasida Yevropa mamlakatlariga qo‘shilish bo‘yicha o‘z tahdidlaridan voz kechgan.

Kiritildi: 22:28 21.05.2025. O'qildi: 1218 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!