Sifatli ta’lim inson kapitalini rivojlantirish, uzoq muddatli istiqbolda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy «drayveri» bo‘lib qoladi, dedi Shavkat Mirziyoyev Namangandagi xalqaro forumdagi nutqida.
Misol keltirilishicha, bolalarning bog‘cha bilan qamrab olingani 27 foizdan 78 foizga oshgani natijasida 1 million ayollar ta’lim olish, kasb-hunar o‘rganish va daromad topish imkoniga ega bo‘lgan.
Bu ishlar davom ettirilib, kambag‘al oila farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan to‘liq qamrab olish uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Bunday oilalar farzandlari uchun xorijiy til va kasb-hunar o‘rganishga ketadigan xarajatlarning 80 foizi qoplab beriladi va bu orqali 100 ming kambag‘al oila farzandlari qamrab olinadi.
Har bir kambag‘al oilada kamida 1 nafar oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun imtiyozli ta’lim krediti va davlat grantlari ko‘paytiriladi.
Xalqaro standartlar asosida Kasbga tayyorlash xalqaro markazlari tashkil etilib, ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berish yo‘lga qo‘yiladi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish masalasi ham davlat siyosati darajasiga olib chiqildi.
Xotin-qizlarga oliygohda o‘qish uchun foizsiz kredit ajratish, magistraturada bepul ta’lim olish tizimi joriy etildi. Bugun talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda, shu yilning o‘zida 1 million 700 ming ayol ishli bo‘ldi.
Buni davom ettirib, «Raqamli avlod qizlari» dasturi doirasida 50 ming nafar qizlar axborot va moliya texnologiyalari, sun’iy intellektga o‘qitiladi.
«Xotin-qizlar jamiyatning barcha bo‘g‘inlarida o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Kelgusi yildan mehnat bozorida ayollar uchun teng sharoit yaratish maqsadida ijtimoiy sug‘urta tizimi qamrovini keskin oshiramiz. Bu ularning kambag‘allikka tushib qolmasligini kafolatlaydi», — dedi Prezident va barchani kelgusi yilda Namanganda o‘tadigan Osiyo ishbilarmon ayollar forumiga taklif qildi.